Chingiz
AYTMATOV
QIZIL
OLMA
Tun
bo`ldi, Isabekov bo`lsa haliyam o`y surib o`tiribdi. Xatni nimadan
boshlasin? Bu xatda nimani yozadi o`zi? Juda qiyin, judayam qiyin. Ko`p
gaplarni yozishi kerak, rosa yig`ilib qolgan! Kechikkan izhorlarni u
tushunarmikan?
Ko`p
yillik og`ir oilaviy hayot ortda qoldi. Shuncha xafagarchiliklar, so`ngsiz
ta’nalar, ko`pincha nohaq, shuncha janjal va yarashuvlardan so`ng, va
nihoyat, ajrashgandan keyin u odamgarchilik qilib uni tushunamikan, kechira
olarmikan? Turmushning ilk yillaridagi kabi — beg`ubor, ochiq, mehribon
bo`la olarmikan? Bo`lolmasa-chi? Uni tushunmasa, undan ham yomoni, og`rinib,
yana ayollik g`ururi va baxtsiz qismatdan so`z ochsa... Unda nima bo`ladi?
Isabekov
uning e’tirozlarini ayollarga xos xudbinlik deb baholaganini esladi.
U
har doim dugonalariga hasad qilardi.
—
Sezdingmi, u hatto mehmonda ham ayoldan ko`z uzmadi, odamlarning oldida tiz
cho`kib, tuflisining ipini bog`lab qo`yishdan tortinmadi.
—
Birovga yoqishga urinmayman, bunaqa erkalashni ham bilmayman, — degandi
Isabekov kesib.
—
Yoqishga
urinish nimasi? Senda noziklik, mehribonlik yo`q, nima desa bo`larkin,
sevgingdan uyalasanmi-ey. Men bunday yashashni xohlamayman, men sevgan
kishim meni ochiq sevishdan qo`rqmasligini istayman. Yo`qsa, odamga og`ir
botadi. Sen bu haqda hech qachon o`ylamagansan.
— O‘ylashni istamayman ham. Bunga vaqtim yo`q. Shunday bo`la turib, axir, dissertatsiyang yaqinlashib qoldi-ku, bunday mayda-chuydaga — kim kimning bog`ichini bog`laganiga qanday ahamiyat berasan: hayronman.
—
Senga gapirishdan foyda yo`q, baribir, hech baloni tushunmaysan.
Ammo
endi u xotini nima haqda gapirganini tushunardi, uning nimadadir haq
bo`lganini o`ziga iqror bo`lmasa-da, his qilardi.
U
ko`chada ketayotib, o`tgan-ketganlarning e’tiborini tortishi Isabekovga
xush kelardi. U ham xotinini jozibali, aqlli, latofatli deb bilardi. Qadam
tashlashi ham yoqardi. Umuman, u u yengil va chiroyli yuradi, ingichka
poshnali tufli kiyib olsa, qiz bola deb o`ylash ham mumkin. Raqs
tushishi-chi, odamlarning havas bilan qarayotganini sezganda, ko`zlari
baxtiyor chaqnab ketadi! Bunday daqiqalarda u ayolini juda sevardi.
Ammo
baribir nimadir uni erkin, qaysi fazilati uchun yaxshi ko`rishini o`ylamay
sevishiga xalar berardi. Shunchaki sevishiga. U yoshligiga qaytish uchun
o`zini majburlashi, ortda qoldirishi kerak bo`lmagan narsani qoldirganini
xijolat bilan his qilardi.
Endi
Isabekov xatosini tan olishi kerak, agar buni xato deb bo`lsa. Ammo uni
boshqa narsa ko`proq tashvishga solardi: endi ular xarakterlari to`g`ri
kelmay, shunday ta’riflash odat tusiga kirgan-ku, bir-birlaridan uzoqroq
bo`lish va hammasini uzil-kesil hal qilish niyatida ketganlaridan so`ng u
o`zidan kechib, tashqaridan o`tgan umrga nazar tashlay olarmikan? Bunday
qilolmasa-chi? Unda hammasi tamommi? Alvidomi? Yo`q, u bunga yo`l qo`ymaydi!
Isabekov
bir necha marta qo`liga qalam oldi, tashladi, deraza yoniga borib, ancha
paytgacha devorga yopishgancha tek turdi.
So`nggi
avtobuslar burchakda to`xtab, yo`lovchilarni tezda olib, kuzgi xira
chitroqda qizil chiroqlarini lipillatib ketishardi.
Qandaydir
yigit qo`shninig qizi bilan bir necha marta pod’ezd oldiga keldi, keyin
yana ketdi va yana qaytdi, xuddi bog`chadagi kabi bir-birining qo`lini
qo`yib yubormay ushlab olgan. Isabekov ularga hasad qilmadi, ammo bu
manzarada unga sog`inch qadar tanish, ta’sirli, yaxshi bir narsa bor edi.
Qaerlardadir,
shahar tashqarisida, tog`larda bo`lsa kerak, jonli olov yulduzchaday nur
sochardi. Xoynahoy, cho`ponlarning gulxani. Shu lahzada uning hech narsani
o`ylamay, quyuq tun zulmatidan junjikib, olovga o`tin tashlagisi kelib
ketdi.
Keyinu
derazadan nari ketib, yotoqxonaga, qizi Anoraga ko`z tashlashga kirdi.
Katta bo`lib qolgan-u, har doim ustini ochib tashlab sovuq qotib qoladi. Bu
gal Anora tingchni uxlayapti, kun bo`yi charchagan bo`lsa kerak. Ha, qizi
tinchgina uxlar, bugun nima qilib qo`yganini bilmasdi. Eh, Anora, Anora!
Otasining yuragini tashvishga qo`yganini xayoliga keltirmasdi! Shunday kech
paytda nima uchun uxlamayotganini bilmasdi. Isabekov qiziga termulgancha
sassiz shunday derdi: “Tinchgina uxlayotganing yaxshi. Hali ulgurasan,
ulg`aysang, o`ylarga to`la tunlar bo`ladi. Bunday hech kim qochib
qutulolmasa kerak. Hozircha esa, uxla, uxla, shirin tushlar ko`rgin”.
Kunduzi
u Anorani shaharga olib bordi. U o`sha yerda, tabiat qo`ynida, onasi bilan
munosabatlarini tushuntirib bermoqchi edi. Xotini xatda shuni qat’iy
talab qilgan. U qiziga onasi Moskvaga faqat dissertatsiyasi uchun
ketmaganini, birga yashamaganlari ma’qulligini, Anora esa kim bilan
turishni tanlashi kerakligini aytmoqchi edi. Isabekov bola uchun og`ir bu
suhbatni boshlashga cho`chirdi. Nimagadir shahar tashqarisida bu ishni
qilish osonroqday, qizi u bilan qoladiganday, xotini tadqiqot insitutiga
doimiy ishga o`tib, Toshkentda yashamoqchi edi, u shaharga ketishni
istamaydigandek tuyulgandi.
Anora
otasi chaqirganda hovlida o`ynayotgandi.
—
Sviteringni kiy, shahar tashqarisiga boramiz.
—
Shahar tashqarisiga! — Anora chapak chalib yubordi, keyin ajablanib
so`radi: — Nimaga?
—
Shunchaki, aylanib kelamiz.
Isabekovni
ko`chada mashinalar ko`pligi asabiylashtirid, mashinalar zo`rg`a-zo`rg`a
yurardi. Yakshanbada har doim shu ahvol. Shahardan chiqqach, mashinalar
oqimi tindi. “Volga” chayqalgancha tezlikni oshirib borardi. Silliq
asfalt yo`l uzoq tog`larga tomon ketardi. Isabekov oldinda oqarib turgan
cho`qqilarga jimgina tikilardi.
—
Dada, sekinroq haydang, — iltimos qildi Anora.
Isabekov
tezlikni kamaytirdi.
—
Qo`rqyapsanmi?
—
Yo`q, shunchaki, — dedi u va yana derazaga yopishdi.
—
Axir har doim tez yurishni yoqtirarding-ku.
Anora
o`girilmadi, go`yo eshitmagandek hech nima demadi.
Isabekov
uning yupqa sviterni turtib chiqqan ozg`in yelkalariga, qora mayin sochlari
yopishgan ingichka bo`yniga qararkan, eshikka yopishgan vujudida unga xos
bo`lmagan, begona narsani tuydi. Qizcha bezovtaday edi.
Balki
u sezayotgandir? Axir, bolalar sezgir bo`lishini ko`pincha unutib
qo`yamiz-ku. Nega u hech qachon hech nimani so`ramaydi?
Bu
o`ylardan Isabekovning ko`ngli buzildi. Yo`q, qaerdan bilsin? Buni bilishi
mumkin emas. U ham, xotini ham sezdirmagan. Yana kim bilsin! Eng
qo`rqinchlisi — u har doim shundan qo`rqardi — bolaning ruhini buzish.
Inson qalbi shunday yaralgan: uni muzlatish oson, ilitish qiyin, ba’zan
esa umuman ilojsiz. Keyin nevrasteniklar paydo bo`ladi. Yo`q, Anora normal
qiz. Balki unimanidir sezayotgandir. Axir, uyda bir nima bo`lsa, u doim
bilgan-ku. o`shanda qanchalik azob chekkanini hech kim tasavvur qilmagan.
Nimayam qilsin, ertami-kechmi, baribir, bilishi kerak. Bu bo`lmasa, onasi
aytadi, u to`g`riso`z-ku. Yaxshisi, o`zi aytadi. Boshqa iloji yo`q. Ortiq
cho`zib bo`lmaydi... Balki unga shunday tuyulgandir, Anora derazadan
to`kilayotgan barglarga zavqlanib qarayotgandir. Umuman olganda, bu hech
nimani o`zgartirmaydi, baribir, aytish lozim. Eh, bugun kun yaxshi. Yurakda
ham shunday halovat bo`lsa yaxshiydi...
Barglar
sochilgan yo`llar kuzga xos bo`lganiday quruq. Isabekov chindan ham bunday
tezlikda ketish nomaqbulligini o`yladi. Barglar, oxista aylangancha, asta
yerga tushyapti. Ba’zilari bir lahzaga oynaga urilib kapotga tushadi,
keyin nariga uchib, go`yo ortda qolishni istamagandek bir muddat mashina
bilan birga ketadi. Yo`lning ikki tomonida quyosh nuri sochilgan quruq
sariq dalalar, yig`ishtirilgan uzumzorlar yastanib yotibdi. Oltin kuzning
so`nggi kunlari.
“¡mg`irlar
o`tadi, hamma yoq qorayib, chiroyini yo`qotadi”, o`yladi Isabekov afsus
bilan. U o`t yoqqichni yondirib, sigaret tutatdi va yana Anoraga boqdi. U
derazaga qarab ketardi.
—
Nega jimsan, Anora?
Qizcha
taajjub bilan otasiga qaradi-yu, indamadi.
—
Kecha darslaringni qilganmiding?
U
bosh irg`adi.
—
Atrof go`zal-a?
—
Ha, judayam.
Isabekov
xijolat bo`ldi. Bu majburiy, zerikarli savollar kimga kerak? unga nima
bo`ldi? Axir, ular, odatda, erkin va oson gaplashishadi-ku. Bugun o`zi
zerikarli bo`lsa kerak.
—
Robertino! — tipirchiladi Anora. — Voy, dada, Robertino. Sinfimizda uni
hamma yaxshi ko`radi. Qizlar ham, o`g`il bolalar ham. Siz ham uni yaxshi
ko`rasiz-ku? Onam ham.
—
Ha, Anora, ha. Albatta, onang ham. Biram chiroyli bo`lib ketgansanki, qizim.
— Isabekov qizining katta ochilgan qisiq ko`zlari birdaniga chaqnab
ketganidan hayratga tushib sochlarini silab qo`ydi. — Mendan xafamisan,
deb o`ylayotgandim.
—
Nimalar deyapsiz, dada!
—
Juda yaxshi, kel, eshitamiz. Keyin men senga Shubert va Robertinoning
vatani haqida gapirib beraman.
Suhbat
davom etarkan, “Ave
Maria”
sadolari kuzgi kengliklar uzra ulug`vor suzar, go`yo bu kuzni ham, zaminni
ham, inson qalbini ruhlantirardi. Isabekovda kutilmaganda quyoshni,
oldindagi viqorli tog`larni, Robertinoning ovozini hamda qizining
hayajonini qamragan uyg`unlik hissi uyg`ondi.
Har
bir yurakda go`zallikka chanqoqlik hissi yashasa kerak. Bu inson tabiatiga
xos bo`lsa kerak. Ammo ko`pincha biz, o`zimiz tushunmagan holda, bu
go`zallikni qadrlamaymiz. Mana, hozir ham u bolaning hali mustahkamlanmagan,
yarim ertak tasavvurlarini barbod qilishi kerak...
Robertino
kuylardi, Anora ham unga qo`shilib past ovozda xirgoyi qilardi. Mashina
bo`lsa bu vaqtda katta olma bog`i to`sig`idan o`tib, daryo yonidagi
shossega burildi.
Isabekovlar
bu yerga yozda kelishardi. Bu yerga kam odam kelardi: daryo kichkina muzdek
tog` suvi orasida toshlar ko`rinardi. Plyaj ham yo`q edi. Ammo tog`lar
yaqin edi. U yerdan, tepadan Anora chiqishni yaxshi ko`radigan katta
xarsanglar tushib qolgan. Balki shuning uchun Isabekov ham bu joylarga
talpinar.
Atrof
jimjit. Anora xarsanglar yoniga yugurdi, uning Robertinoga taqlib
qilayotgan ovozi toshlar ortida goh yo`qolar, goh yana eshitilib qolardi.
“Ave
Maria” ohanglari Isabekovni tark etmas, atrofdagi hamma narsa
yangilanganday tuyulardi.
Bog`,
allaqachon bo`shab qolgan, daryo ustida bo`lib, toza, tartibli edi. Go`yo
“Hali mevalarni terishga yana kelishmasmikan!” deb quloq solayotgandek
tuyuladi. To`siq yonidagi somonlar uyumi o`tib ketgan yozdan darak beradi.
¡zda bu yerda hamma narsa boshqacha bo`lgan bo`lsa kerak, u eslolmaydi,
go`yo yozi bo`lmagandek. Ana, bulutlar paydo bo`ldi — oppoq bo`taloqlar.
Oh, ovulda bo`lsang! U yerda bo`lmaganiga ham ancha bo`ldi...
Anora
so`qmoq bo`ylab boqqa yugurib ketganini sezgan Isabekov bu yerga nima uchun
kelganini eslab, qichqirdi:
—
Qaerga ketyapsan?
—
Boqqa. Daraxtga chiqmoqchiman.
—
Sen bilan gaplashib olishim kerak.
—
Nima haqda, Robertino haqidami?
—
Ha.
—
Keyin eshitarman, tez kelaman, — Anora boqqa yugurib ketdi.
Isabekov
yana qiziga hammasini qanday aytishini o`ylashga tushdi. Aytmoqchi bo`lgani
o`ziga ham g`alati, bema’ni, dahshatli bo`lib tuyular, bu kuz kuni, nurga
yo`g`rilgan tuyg`ular, Robertinoning ovozi hamda “Ave Maria” bilan
bog`lanmasdi. Unda qo`rquv paydo bo`ldi. Anora uzoqroq o`ynashini, aytishi
kerak bo`lgan gapni aytishga majbur qilmasligini xohladi. Bog`dan qizining
nimadandir hayratlangan, ajablangan ovozi eshitilganda esa, u titrab,
boshini eggancha orqasini o`girib yerga o`tirib qoldi.
—
Dada, dada! Qarang, nima topdim!
U
o`girilmadi. U qizining yugurib kelayotganini, xansirayotganini eshitdi.
Anora chopib kelib, otasining bo`ynidan quchdi va kattakon qizil olma
uzatdi.
—
Olma topdingmi?
—
Ha, barglar orasiga berkinib olibdi, umuman ko`rinmayotgandi!
Ayyorligini-chi. Men esa topdim! U fonusga o`xshab yonayotgandi. Bu eng
oxirgi va eng shirin olma. Butun bog`da boshqa bunaqasi yo`q. Qarang,
qanday chiroyli, hidini aytmaysizmi! Xuddi quyoshga o`xshaydi!
—
Ha, judayam chiroyli, bu qishki aport, — kutilmaganda qo`shib qo`ydi: —
Bilasanmi, Anora, bu baxt belgisi. Bu olma yoz bo`yi seni kutgan, hech kim
ko`rmasligi uchun yashirinib olgan.
Sen bo`lsang, topib olding. Bu olmani yegan odam juda baxtli bo`ladi.
Isabekov
olmani dastro`moli bilan artib qiziga uzatdi.
—
Ma, ye.
—
Robertino haqida qachon gapirib berasiz?
—
Keyin, hozircha bog`da o`ynab tur.
—
Bilasizmi, dada, daraxtga zo`r chiqaman. Olmalar katta, baland, shoxlariyam
semiz, chiqishga qulay. O‘rik bo`lsa yomon daraxt, tikanlari ko`p.
—
Sen yaxshi daraxtlarga chiq, kulib yubordi Isabekov.
—
Dada, siz bir marta bo`lsayam shunaqa olma topganmisiz? — kutilmaganda
so`rab qoldi Anora.
Isabekov
dovdirab qoldi. Javob berishdan oldin bir muddat jim turdi-da, past ovozda
dedi:
—
Ha. Sen bor, o`ynab kel, men shu yerda o`tirib turaman.
Anora
qo`lida qizil olmasi bilan boqqa yugurib ketdi, u esa boshqa qizil olmani
esladi va g`alati o`xshashlikdan ajablandi. U ham bir paytlar shu yerda,
faqat boshqa bog`ning narigi tomonidan, olmalar dalalarga qaragan joydan
xuddi shunday qizil olma topgandi...
*
* *
Urushdan
so`ng u hozir o`zi ma’ruza o`qiydigan qishloq xo`jaligi institutiga
kirish uchun shaharga keldi.
Xuddi
shunday kuz kunlaridan birida ularning butun guruhini ertalab kolxozda
lavlagi kavlash uchun yuborishdi. U paytlar yo`l hali asfalt qilinmagan edi.
Kun
bo`yi ishlab, qora non burdasi allaqachon yeb bo`lingan, kechga borib
charchab, ochiqib shaharga qaytishardi. Qaytishda butun guruh kolxozga
yo`lni burdi. Hosil allaqachon yig`ib olingan, ammo o`tlar va barglar
orasidan ba’zilar olma topish baxtiga muyayasar bo`ldi. Do`stona ravishda
bo`lishib yeyishdi. Ochlik hissi yana kuchaydi. Hamma tarqab ketdi, bog`ni
axtarishga tushishdi. Ammo arzirli hech nima topolmay yo`lga chiqa
boshlashdi.
Isabekov,
hozir eslashicha, bog`da o`rtoqlarining ketidan yugurib ketayotganda,
barglar orasida yorqin bir nima ko`rindi. U to`xtadi, ammo hech nimani
ko`rolmadi. Ko`zimga ko`rindi, deb o`yladi. Bir necha qadam yurib, yana
ortiga qaytdi. Qari daraxtlar orasida o`tqazilgan yosh olma daraxti
atrofida aylandi. Bu daraxtning barglari boshqalaridan farqli o`laroq hali
quyuq edi. Quyosh so`ligan barglarga quruq, qaynoq nur sochardi. Gugurt
chaqsang bas, daraxt yonib ketadi. Lekin u ko`rdi va hayratda shivirladi:
“Oh!”
Ikki
mushta keladigan katta qip-qizil olma, balki bu daraxtning yagona mevasidir,
barglar orasida ingichka, egilgan shoxda osilib turardi.
Bir
necha lahza Isabekov bu mo`’jizani tomosha qilib turdi, keyin sakrab,
oyoq uchida turib osilib turgan qizil sharni uzib oldi. Xo`shbo`y hid
boshini aylantirib yuborayozdi. Yupqa alvon po`chog`i orasida yumshoq,
suvli meva ko`rinib turardi. Og`izga solib olging kelardi. U olmani
bo`lishga chog`langandi hamki, so`nggi damda fikridan qaytdi.
Bu
olmani unga beradi!
O‘sha
lahzada uni qanday esladi? Biram ajoyibki! Ammo Isabekov har doim u, o`sha
notanish, ismini ham bilmagan qiz haqida o`ylardi. Qanday qilib eslamasin!
Boshqa hech nima to`g`risida o`ylamay Isabekov olmani cho`ntagiga suqa
boshladi. Ammo bundan naf chiqmadi. Shunda u kurtkasining tikilgan joyini
so`kib tashlab, teshikka olmani soldi-da, o`rtoqlarining izidan yugurib
ketdi. Ular yo`lda yo`lovchi mashina kutib turishardi. Isabekov shu
zahotiyoq do`stlariga bor gapni aytishga qaror qildi.
—
Bolalar, men olma topib oldim, ammo uni hech kimga bermayman. Uni bir
odamga sovg`a qilaman.
—
Olmaning o`zi qani?
—
Mana, ushlab ko`rlaring.
—
Voy, kattaligini!
—
Qanaqasiga bir odamga sovg`a qilasan? Kimga? — uning yoniga keldi Sher.
—
Kimgaligining nima farqi bor? — dedi Isabekov.
—
Buni qarang-a, olma topib olibdi. — Ensasini qotirib kulib Isabekovning
yelkasiga qoqib qo`ydi Sher. — Mug`ombirlikni yig`ishtir, olmani bu yoqqa
chiqar.
Sher
Isabekovning yuziga kulib, hazil qilibmi yo chindanmi, olmani olish
niyatida kurtkasidan ushlab oldi.
Isabekov
uning qo`liga qattiq urdi. Sher chetga surilib ketdi.
Bolalar
kulib yuborishdi.
Shu
payt yo`lovchi yuk mashinasi kelib qoldi, bolalar kuzovga otilishdi.
Isabekov
bu g`aroyib olmani o`sha notanish qizga sovg`a qilishga qaror qildi. U
qizni shahar kutubxonasida ko`p ko`rardi. Uning uchun bo`lsa kerak, qishloq
xo`jaligi instituti joylashgan chekka joydan shahar markaziga sudralib
borardi. O‘quv zalida o`tirgancha qandaydir ichki tuyg`uga asoslanib
uning qachon paydo bo`lishini sezardi. U qizni shunday kuchli hayajon bilan
kutardiki, nima o`qiyotganini tushunmasdi. Isabekov eshik qarshisidagi
stolga o`tirib, u ostonada paydo bo`lganda, nigohini kitobdan uzar, ko`zlar
bir lahzaga to`qnashardi. U tikilib turishdan qo`rqardi. Qiz ham uning
xijolat bo`lganini sezganday tezda bo`sh joyga borib, stolga sumkasini
qo`yardi-da, kitobga ketardi. Isabekov esa kitoblarni olib, mag`rur, erkin,
hamisha chiroyli kiyingan holda yana yonidan o`tishini kutardi.
U
juda aqlli va tarbiyali bo`lsa kerak. Isabekov bu haqda faxr bilan o`ylar,
uning bundayligidan quvonar, g`ururlanardi.
Uning
o`quv zalida o`tirishining o`ziyoq Isabekov ham quvonch, ham azob hissini
tuyardi. U yon tomondan qizga mo`ralashni, o`ychan egilgan kipriklari,
tinimsiz ravishda daftarga nimalarnidir yozayotgan yumshoq qo`llariga
qarashni yaxshi ko`rardi. Birortasi uning oldida to`xtab qolsa yoki bolalar
stoliga xatcha tashlasa-yu, qiz o`qisa, joni chiqardi. Isabekov stol tagida
mushtlarini tugib, hammaga tashlanishga tayyor bo`lardi. Ammo uning
surbetlarning xatlarini yirtib tashlaganda, xiringlash va shivirlashlarga
hatto o`girilib qaramaganda, qalbi taskin topar, minnatdor bo`lardi.
Isabekov bu yerda unga hech kim yoqmaydi (o`zi sal-pal)
deb o`ylardi. U buni juda istar, bu haqda shunday orzu qilardiki,
sal sezilarli tabassumlar va bosh irg`ashlarni o`ziga nisbatan simpatiya
tarzida qabul qilardi. Ammo Isabekov u bilan tanishishga jur’at
qilolmasdi. Qiz unga o`ta intellegent bo`lbi tuyular, u esa shaharda yuzlab
topiladigan ovullike oddiy bir yigit edi. Qolaversa, Isabekov o`zining
tashqi ko`rinishidan uyalardi. U akasidan qolgan etik va gimnasterkada,
dala sumkasi bilan yurardi. Qishda ham akasining shineli bilan yurishi
kerak edi.
U
kutubxonada ancha kech paydo bo`lar, ba’zan o`quv zali yopilguncha qolib
ketardi. U stoldan turib, kitoblarini topshirishga ketayotganda, Isabekov
tezda narsalarini yig`ishtirardi-da — kutubxona kitobalarini avvaldan,
kech qolmaslik uchun avvaldan topshirib qo`yardi — ko`chaga chiqardi.
Boshqa tomonga o`tib, qizning chiqishiini kutardi. Mana shunday masofada,
odamlar orasidan qaragancha uyigacha kuzatardi. Qiz yaqinda, kutubxonadan
ikki mavze narida, ulkan kulrang uyda yashardi.
Uni
kuzatgach, Isabekov shahardan yayov yotoqxonasiga borardi. Yo`l-yo`lakay
shahar bog`iga kirib o`tardi. U yerda raqs maydonchasi bor edi. Qizlarning
belidan quchgancha, qo`lini ushlab musiqa ohangiga mos raqs tushayotgan
yigitlarga qanchalik uning havas qilishini hech kim bilmasdi. Yigitlar
qizlarga nima deyishar, ular esa jilmayib, bundan yanada baxtiyor
bo`lishardi. Raqs tushayotganlarga qarab turarkan, Isabekov eng chiroyli va
sevgisi eng kuchli juftlikni tanlab, yigitning o`rnida o`zini, qizning
qiyofasida esa uni tasavvur qila boshlardi. Uning tasavvurlari shunchalik
chuqur, shunchalik haqqoniy ediki, sevgilisi bilan raqs tushibgina qolmay,
suhbatlashardi ham. Bu xayoliy suhbatlar taxminan shunday edi:
—
Bilasizmi, men faqat sizni deb kutubxonaga kelaman.
—
Ha, bilaman. Har doim meni kutishingizni bilaman.
—
Men sizni kun bo`yi — ma’ruzalarda ham, oshxonada ham, yotoqxonada ham
o`ylayman. Men kinoda o`tiraman-u, ekranda nima bo`layotganini ko`rmayman.
Siz haqingizda o`ylaganda qanchalik zavqalnishimni bilsangiz edi.
—
Qiziq, men ham ba’zan siz haqingizda o`ylayman. Ammo nega hecham yonimga
kelmaysiz, gaplashmaysiz?
—
Men shundoq ham xursandman. Agar siz tonggacha kutubxonada o`tirsangiz, men
ham sizga termulib o`tirardim.
—
Meni yigitlar kuzata boshlasa-chi, unda nima qilasiz?
—
Bunga yo`l qo`ymayman. Siz ham yo`l qo`ymaysiz, to`g`rimi, axir, men sizni
sevaman.
—
Yo`l qo`ymasligimni qaerdan bilasiz?
—
Siz unaqa emassiz.
—
Men haqimda hech nima bilmaysiz-ku, qanday qilib xulosa chiqaryapsiz?
—
Sizga juda ishonaman. Men sizni bilaman. Sochlaringiz isini, ovozingizni
sira eshitmagan bo`lsam-da, qanday kulishingizni bilaman. Sizning
ko`zlaringizga ishonaman, siz yaxshisiz, eng go`zal va eng aqllisiz.
—
Voy, juda ko`p gapirib yubordingiz. Shularning bari chinmi?
—
Chin.
O‘sha
kuni kechqurun, yotoqxonagacha qaytgach, Isabekov olmani tumbochkaga
soldi-da, eng avval yuvinishga, etiklarini tozalashga yugurib ketdi —
kutubxonaga borish uchun o`zini tartibga solishi kerak-ku. Ammo yo`lakdagi
soatga qarab kech bo`lganini tushundi.
Xonada
hamma allaqachon uyquga ketgan, u esa olmani ertaga qanday qilib berishini
o`ylab ag`anab yotaverdi. U qizning hayrati va quvonchini ko`rganday bo`ldi
— axir, bunday paytda shunday rang va shunday hidli olmani butun dunyoni
axtarib ham topib bo`lmaydi. U albatta o`zining topilmasi — eski kuzgi
bog`dagi yosh olma daraxti va bu daraxt kechki quyoshning oltin nurlarida
hammasidan chiroyli bo`lgani haqida gapirib beradi.
Yana
orzusini aytadi va har gal uyga kuztib borishini, raqs maydonchasida birga
raqs tushishini, suhbatlashishini ham bildiradi. U kulib yuborib, “Devona!”
desa kerak. Bu gapni aytayotganda, uning ovozida mazax emas, mehrni tuyadi.
Keyin kinoga borishsa kerak, u qizning yonida o`tiradi, yaqinligini his
qiladi va, tabiiyki, hech qanday kinoni ko`rmaydi, unga kino kerakmas ham.
Kostyum bilan tuflisi yaxshi bo`lganda edi. Etikda uning yonida noqulay-da.
Ammo u aqlli-ku, demak, bunga e’tibor bermaydi.
Isabekov
shu o`ylar bilan uyquga ketdi. Ammo tunda karavotdan sakrab turdi. Tushida
surbet Sherning qizil olmani yeb qo`yayotganini ko`ribdi. Isabekov
uyqusirab Sherga tashlandi, ammo u xurrak otib yotar, boshyualar ham
uxlardi. Shunda ham Isabekov tumbochkani ochdi-da, olmani ushlab ko`rib,
ko`ngli joyiga tushdi. “Mendan ko`rasan!” pichirladi u olmaga.
Ertalab
darchani ochgan bolalar hidlab-hidlab qo`yishardi.
—
Isabekov, olmang ham zo`r ekan-da. Hidini qara! Uni kasalxonaga birovga
olib borsang, tezroq olib bor, yo`qsa, Sher yeb qo`yadi.
—
Kecha yeb qo`ymoqchiydim, — to`ng`illadi Sher. — O‘zlaring
qo`llamadilaring.
—
Urinib ko`rgin ham-chi! — tahdid qildi Isabekov past ovozda.
Keyin
hammalari darsga ketishdi. Ma’ruzalar shunday azobli ediki!
Tanaffusdan
so`ng Isabekov Sherning auditoriyada yo`qligini sezib qoldi. Isitmasi
chiqib ketayozdi. U o`rnidan sakrab turdi-da, zoologiya domlasining
ma’ruzasini bo`lib, dedi:
—
Kechirasiz, professor. Tezda, hoziroq ketishim kerak.
—
Sizga nima bo`ldi, yigit? — ajablandi professor.
—
Tushuntirib berolmayman, ammo iltimos qilaman, menga javob bering...
Isabekov
o`quv korpusidan yotoqxonagacha mushtlarini tukkancha yugurib bordi. Sher
xonada yo`q ekan. Isabekov tumbochkaga otildi — olma joyida turgan ekan.
U ham xijolat, ham xursand bo`ldi. Demak, sher shunchaki zoologiyadan
qochib ketgan. Hayajon va yugurganidan xansirab qolgan Isabekov karavvotda
o`tirgancha pichirlardi: “Kechir, kechir meni, Sher! Sen haqingda endi
hech qachon bunday yomon xayolga bormayman!”
Kechki
payt gazetaga o`rog`liq olmani qo`ltig`iga qisgancha Isabekov nihoyat
kutubxonaga jo`nadi. U odatdagidan ertaroq keldi va har doimgidek eshik
yonidan joy olib, stol ustiga daftar-kitoblarini qo`yib kuta boshladi. Va
har doimgidek odamlar kitobga engashgancha o`tirishar, shivirlashar,
chekish xonasiga borib, yana qaytib kelishardi. Bularning hammasi
Isabekovning tushida bo`layotgandek edi. U kutardi. Gazetaga o`rog`liq
qizil olma stol tagida tizzasida turar, shuning uchun qimirlashga qo`rqib
o`tirardi. Bir yarim soat o`tdi, ko`chaga qorong`ulik cho`kdi. U
kelavermadi. Ikki soat o`tdi — yo`q! Uch soat o`tdi — yo`q! Isabekov
hamon kutardi. U kelmadi.
Ertasiga
u yana ma’ruzalarda o`tirib, kech tushishini kutdi, yana shahar bo`ylab
olmasini ko`tarib yurdi. Avvalgidan ham alamliroq sabrsizlik bilan kutdi
kutubxonada. U ostonda paydo bo`lganda esa, o`zining yurak urishlaridan
quloqlari bitib qolgandek bo`ldi. U har doimgidek sezilar-sezilmas jilmayib,
yengilgina bosh irg`adi, o`tib ketayotib esa, qo`li bilan biroz turtib
yuborgandek bo`ldi, so`ng bir stol naridan joy egallab, kitob olishga ketdi.
Isabekov
hayajon baxsh etgan quvonchdan mast bo`lib, stol tagida o`zining muqaddas
qizil olmasini titragancha ushlab o`tirardi.
Keyin
u kitob ko`tarib qaytdi va har doimgidek hech kimga qaramay hech narsaga
e’tibor bermay daftariga nimalarnidir ko`chira boshladi.
Isabekov
esa hamon kutardi. Vaqt yana cho`zildi, ammo u bugun orzusi amalga
oshishini o`ylab baxtiyor edi. U yon tomondan qizning tartib bilan taralgan
sochlariga, o`ychan egilgan kipriklariga va yushmoq qo`liga termulib
o`tirarkan, “Devona!” deyishni o`zicha tasavvur qilardi. Shunday
baxtdan yuragi gursillab urardi. Ha, u qizga hammasini, olmani yeyishga
shaylanganda, qanday eslab qolganini, biror yaxshi, chiroyli narsani
ko`rganda, har doim uning yonida bo`lishni,
u bilan birga quvonishni istashini, chunki faqat u bilan
go`zallikning butun jozibasini his eta olishini aytadi.
Ko`chada
tungi chiroqlar yongan, kitobxonlar tarqala boshlagandi, u esa hamon
joyidan jilmasdi. Isabekov ham kutib o`tirardi. Keyin, qiz narsalarini
yig`ishtira boshlagach, u tezda konspekttlarini sumkasiga tiqdi-da,
gazetaga o`rog`liq olmani olib ko`chaga chiqdi. U yo`lning nariga tomoniga
o`tmadi, hayajonini bosishga kuchi yetmay, yo`lakda to`xtadi. Og`zi qurib
ketdi, tashnalik sezdi. Nihoyat, tosh zinalardan uning poshnasi ovozi
eshitildi va u kalta chiroyli paltoda paydo bo`ldi. Isabekov olmani
bag`riga bosgancha u tomonga yurdi. Qiz indamay yonidan o`tib ketdi.
—
Yaxshi qiz! — qat’yatsiz tovushda chaqirdi Isabekov.
—
Ha,
— qiz to`xtab ortiga o`girildi. — Menga nimadir demoqchimisiz?
Noqulay
jimlik cho`kdi.
—
Men sizga... olma olib keldim, — dedi Isabekov zo`rg`a.
—
Olma? Buni qarang-a! Nima, siz meni umrida olma ko`rmagan deb o`ylayapsizmi?
—
Yo`q, bilasizmi, men uni topib oldim...
—
Xo`sh, nima bo`pti? Sizga mendan nima kerak o`zi, — asabiy tarzda dedi u
va hech qayoqqa qaramay tez nari ketdi.
Qiz
o`zining qizil olmasidan uzoqlashib ketayotgandi.
Isabekov
esa uning ortidan o`zining bebaho qizil olmasini ushlagancha, nima
bo`lganini tushunmay qotib qarab turardi. Qizil olma sabab yaralgan ajoyib
olam to`satdan parcha-parcha bo`lib, qulab ketdi.
Isabekov
uyga sudraldi. U birdan qo`lini siltab, olmani uloqtirib yubordi. U
qaerdadir devorga borib urildi.
U
xuddi mast odam kabi bo`m-bo`sh ko`chalarda to`g`ri ko`prik ustidan ketib
borardi. Ahyon-ahyondagi mashinalar ehtiyotkorlik bilan uni chetlab
o`tishardi.
Keyin
u ko`p qizlar bilan tanishdi, ammo hech biriga qizil omla sovg`a qilgisi
kelmadi. Ular ham buni istashmasdi...
Ammo
bir umr undan qizil olma talab qilgan, yolvorgan, kutan yagona ayol bor
ekan, bor ekan. Bu uning xotini Sobira edi. Hozir kuzgi bog` to`siqlari
oldida o`tirgancha Isabekov shu haqda o`ylardi.
Kechki
payt Isabekov va Anora uyga qaytishardi. Tez qorong`u tushdi. Oldinda
shahar chiroqlari porlab turardi. Mashina barglar sochilgan yo`ldan oxista
suzib borardi.
Isabekov
sigaret olib, o`t yoqqichi bilan o`t oldirdi-yu, Anoraning qo`lidagi qizil
olmani ko`rdi.
—
Iye? Haliyam yemadingmi?
—
Yo`q, men oyimga olib qo`ydim, — deya asta javob qildi qiz.
—
Oyingga? — ming`illadi Isabekov. Issiq bir nima tomog`iga tiqildi. —
To`g`ri, uni oyingga olib boramiz.
Ortiq
hech nima haqida gaplashishmadi. Isabekov qizi to`g`risida o`ylardi. Anora
hammasini tushunarkan-ku. Ishqilib, har doim shunday bo`lsin-da. Ishqilib,
hech qachon qizil olmasidan voz kechmasin-da.
Isabekov
xat yozolmadi.
Ertalab,
u uxlab yotganida, Anora otasining stolida Moskvaga jo`natilmagan xatni
ko`rdi: “Sobira, biz sening yoningga ketyapmiz”. Qizcha ruchka olib,
katta harflar bilan qo`shib qo`ydi: “Bizni kutib oling, oyi. Sizga qizil
olma olib ketyapmiz”.