FAQIRLIK

Saida direktorning qabulxonasida yarim soatcha o‘tirdi. Nihoyat, ichkaridagi odam, gapinimi, ishinimi, bitirib xonadan chiqdi. Kotiba Saidaga qarab g‘alati kulimsiradi-da, dedi:

— Kirishingiz mumkin.

Saida o‘rnidan turib kiyimini tuzatgan bo‘ldi-da, direktor xonasining eshigini asta taqillatdi. Ichkaridan erkak kishining yo‘g‘on ovozi keldi: “Kiring!”

Saida yuragini hovuchlab ichkari kirdi:

— Assalomu alaykum!

Xona to‘rida, katta qora charm kresloda kulrang kostyum-shim kiyib olgan basavlat erkak o‘tirardi. Ko‘rinishidan yoshi qirq besh-ellik atrofida. Saida xona eshigiga direktorning ismi yozib qo‘yilganini esladi: G‘ayrat Salimovich Qo‘chqorov.

Kompyuter ekraniga tikilib o‘tirgan direktor bosh ko‘tarib Saidaga qaradi:

— Vaalaykum assalom! Keling, singlim.

Saida negadir o‘ng‘aysizlandi.

— Men haligi... ish masalasida kelgandim...

G‘ayrat Salimovich stol yonidagi kresloga imo qilib, dedi:

— O‘tiring, gaplashamiz.

Saida iymanibgina kresloga cho‘kdi. Shunda hayajonlanayotganini sezib, ixtiyorsiz ravishda nigohini yerga tikdi. Vaziyatdan foydalangan G‘ayrat Salimovich sinchiklab Saidaning yuzini, qaddu qomatini ko‘zdan kechirdi. Uning ro‘parasida o‘ta sohibjamol deb bo‘lmasa-da, har holda chiroylikkina yosh qiz bosh egib o‘tirardi. “Hm, yomonmas. Qo‘lga olsa bo‘ladi”. G‘ayrat Salimovichning xayolidan “lip” etib shu fikr o‘tdi.

— Xo‘sh, qaerni bitirgansiz, singlim? — so‘radi u badqovoq chehrasiga yarashmagan muloyimlik bilan.

“Baribir, ishga olmaydi. Bo‘sh o‘rin yo‘q deb qaytarib yuboradi”, degan hadikda o‘tirgan Saida umid bilan G‘ayrat Salimovichga ko‘z tikdi.

— Tijorat texnikumini. Hisobchiman.

— Yaxshi. Kompyuterda ishlashni bilasizmi?

— Ha-ha, bilaman, — dedi Saida shoshib.

G‘ayrat Salimovich o‘ylayotgan kishidek biroz jim qoldi.

— Endi, singlim, — gap boshladi u boshini chayqab, — afsuski, hozir hisobchilarimiz yetarli. Lekin sizga “yo‘q” deyishga tilim bormayapti. Dushanbada kelib xabar oling-chi, ungacha men yaxshilab o‘ylab ko‘raman.

Saida shunga o‘xshash gaplarni eshitaverib charchagani uchun tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib o‘rnidan turarkan, direktorning aftiga qaramay ming‘irladi:

— Rahmat.

— Dushanbada, albatta, keling. Men biror chorasini topishga harakat qilaman. Xo‘pmi?

G‘ayrat Salimovich kulib qizga qo‘l uzatdi. Saida hech qachon erkaklar bilan qo‘l berib xayrlashmagani uchun bu iltifotga javoban nima qilishni bilmay, bir zum ikkilanib turdi-yu, qo‘l berganini sezmay qoldi.

— Xo‘p, albatta kelaman...

Saida uyga qaytdi-yu, yana janjalning ustidan chiqdi. Kunda-kunora ota-onasi o‘rtasida bo‘lib turadigan bunday tortishuvlar allaqachon Saidaning joniga tegib ketgan, shunday paytlarda uydan qochib ketgisi kelardi.

Eshikni ochgan onasining avzoyi buzuqligini ko‘rgan Saida ota-onasining o‘rtasida yana gap qochganini darrov sezdi. Sababini ham o‘zicha taxmin qildi.

Sadoqat opa qizining salomiga alik ham olmadi, indamay oshxonaga o‘tib ketdi. Birozdan so‘ng o‘sha yerdan uning shang‘illagani eshitildi.

— Ovqat qilaman desam, uyda hech nima yo‘q. Go‘shtning tugaganiga ikki hafta bo‘ldi. Guruchning ham tagi ko‘rinib qoldi. Bu ahvolda nima qilishim mumkin?! Odamlarning uyida qop-qop un, qop-qop guruch. Yegani oldida, yemagani ketida. Xohlagan narsasini yeb, xohlaganini kiyadi. Men-chi?! Shu g‘aribxonada umrimni chirityapman. Ko‘chaga chiqishga uyalaman! Kiyimlarim allaqaysi zamonlardan qolib ketgan!

Sadoqat opaning diydiyosiga erining past, ammo asabiy tovushi ulandi.

— Shukr qilsang bo‘lmaydimi, xotin?! Noliganing-noligan. Qora qozoning qaynab turibdi-ku!

— Nimaga shukr qilarkanman?! — Sadoqat opaning hasrati avjiga chiqdi. — Odamlardan past yashayotganimgami?! Bolalarning bo‘yi yetib qoldi. Hali hech narsa olmaganman. Bu ahvolda qachon bularni uyli-joyli qilaman?! Shuni o‘ylaysizmi?!

— O‘ylayman, xotin, o‘ylayman...

Saida otasining xo‘rsinganini aniq-tiniq eshitdi.

— O‘ylasangiz, shunaqa yuraverasizmi?! Erkaklarga o‘xshab pul topish yo‘lini qilsangiz bo‘lmaydimi?!

— Nima qilishim kerak?! — baqirdi otasi. — O‘g‘irlik qilaymi?! Harom yo‘l bilan pul topaymi?! Sen shuni xohlaysanmi?!

— Men sizga o‘g‘irlik qiling, deyapmanmi?! — onasining ovozi yanada balandlashdi. — O‘g‘irlik qilmasdan ham jaraq-jaraq pul topayotganlar bor. O‘shalarga o‘xshab harakat qilsangiz, bo‘lmaydimi?! Qachongacha itning keyingi oyog‘i bo‘lib yurasiz?!

— Uf-f, jonimga tegib ketdi! — otasi stolni mushtladi, shekilli, chinni idishning taraqlab yerga tushgani eshitildi.

— Ha-a, sindiring! Hammasini sindiring! Obkelish o‘rniga yo‘q qiling. Xo‘pmi?

Zum o‘tmay oshxona eshigi taraqladi. Keyin ko‘cha eshik ochilib-yopildi. Saida otasining azbaroyi siqilganidan zarda qilib chiqib ketganini bildi. Ana shunday tortishuvlardan so‘ng otasi ancha paytgacha ko‘chada yurar, onasi ham asabiy, jizzaki bo‘lib qolar, g‘azabini bolalariga sochardi. Saida ularning moddiy yetishmovchilik tufayli janjallashaverishidan nihoyatda bezor bo‘lgan, uydagi asabni arralaydigan muhitdan ruhi juda toliqqandi. Shuning uchun ham texnikumni bitiriboq, ish izlashga tushdi. Ammo tajribasiz xodimga hech kimning ko‘zi uchib turmagan ekan, ko‘p joylarda unga rad javobi berishdi. Bu ham yetmagandek, ba’zi joylarda ilmoqli gaplar qilishdi. Saidaning hafsalasi pir bo‘lib yurganda, bugun uchrashgan korxona direktori unga umid berdi. Mujmal javob qildi-yu, shunday bo‘lsa ham, Saida ish topgandek quvonib ketdi.

Saida sekingina oshxonaga kirdi. Onasi boshini changallagancha mung‘ayib o‘tirardi. Saidaning unga rahmi kelib ketdi: “Bechora! Onamga ham qiyin. Nima ro‘shnolik ko‘rdi?! Ezilganidan baqiradi-da!”

— Oyi! — dedi Saida mehribonlik bilan, onasining yonidagi stulga kelib o‘tirarkan. — Mazangiz bo‘lmayaptimi?!

Sadoqat opa qiziga bir qarab qo‘ydi-yu, indamadi.

— Oyi, adam bilan hadeb urishavermanglar. Qo‘shnilar eshitsa, yaxshi emas. Keyin gap-so‘z ko‘payadi...

Sadoqat opa Saidaning mana shu gapini hazm qilolmadi.

— Endi sen menga aql o‘rgatadigan bo‘lib qoldingmi?! Otangning nasihatlari kam edi. Otang ikkoving bilimdonsan! Hamma narsani senlar bilasanlar! Mening kallam yo‘q, aqlim yo‘q, — Sadoqat opa bor zahrini qiziga socha boshladi. — Sen ham otangga o‘xshagan noshudsan, aslida. Og‘zingdagi oshni ham oldirib qo‘yasan. Uch oydan beri ish topolmaysan! Bekorga vaqt ketyapti, yo‘lkira ketyapti!

Saidaning dami ichiga tushib ketdi, onasining ta’nayu malomatlariga qarshi nima deyishni bilmadi. Hozir bir nima degudek bo‘lsa, onasining yana tutab ketishi turgan gap.

— Hoynahoy, bugun ham shalvirab kelgandirsan?! — Sadoqat opa hamon jahlidan tushmagan, alamini qizidan olayotgandi.

Saidaning ham achchig‘i chiqdi: “Jonga tegib ketdi. Qachon qarasa, shu gap. Ish topilmayotganiga men aybdormanmi? O‘zimga qolsa, uyda bir soat ham o‘tirmasdim. Hammaning ota-onasi ishga joylab qo‘yadi. Mening tanishim bo‘lmasa, pulim bo‘lmasa, nima qilay?! Tag‘in har kuni ta’na-dashnom eshitishim kerak”.

— Hamma tanish-bilish bilan ishga kiryapti, — dedi zardali ohangda.

Bu gap, albatta, Sadoqat opaga yoqmadi.

— Qayoqdan olaman yo‘q tanishni?! — o‘dag‘ayladi u qiziga o‘qrayib qararkan. — Tanish ham bekorga ish qilmaydi. Mushuk tekinga oftobga chiqadimi hozirgi zamonda?! Ishlasang, hech bo‘lmasa o‘zingga kiyim olasan. Hammangga qayoqdan pul topib beraman, axir?! Odamga hech achinmas ekansan-da!

Saidaning toqati toq bo‘ldi. O‘rnidan turib xonasiga kirib ketdi. Go‘yo Saida atay bekorchi bo‘lib yurgandek. U onasiga direktorning “Dushanba kuni kelib xabar oling”, deganini, ish topilib qolishi mumkinligini aytishni istamadi. To‘g‘ri-da, “Xabar oling” degani “Ishga olaman” degani emas-ku. Yaxshisi, hammasi aniq bo‘lganda gapiradi.

Shu kuni otasi uyga yarim kechada qaytdi. Saida hali uxlamagan edi, tez borib eshikni ochdi. Ostonada otasi yengi kalta ko‘ylakda diydirab turardi. Saida kuz kechalari ancha sovuqlashib qolganini eslab, otasiga achinib ketdi.

— Hali ham uxlamadingmi, qizim?! — otasi shunday deb siniq jilmaydi.

Saidaning ko‘ngli buzildi: “Adam bechora uyi yo‘q odamga o‘xshab ko‘chada tentirab yuribdi. Onamning diydiyolari uniyam jon-jonidan o‘tib ketgandir. Yarim kechada uyga kirib kelyapti. Ba’zi erkaklardek ichib kelmaydi. Alamini aroqdan olmaydi... Baribir, ertaga yana janjal-tortishuv...”

— Oyi, meni kotibalikka taklif qilishyapti, — dedi Saida allanechuk norozi ohangda. — Nima deysiz?

— Kotibalikka?! — qiziga ajablanib boqdi Sadoqat opa. — Hisobchisan-ku! O‘z ishingni qilmaysanmi? Bunaqa ishni qayoqdan topding?

Saida onasiga tushuntirmoqchi bo‘ldi.

— Anovi kuni uchrashib kelgandim-ku. “Bo‘sh joyimiz yo‘q, yana o‘ylab ko‘ramiz”, degandi. Bugun borsam, shunaqa deb turibdi.

— Oyligi qancha ekan, so‘radingmi? Kotibalarniki rosa kam bo‘ladi, shuni bilasanmi?

— Ish haqi yigirma besh mingmish. Keyinroq yana ko‘paytirisharkan. Soat to‘qqizdan beshgacha.

— Xo‘sh, nima deding?! — toqatsizlandi Sadoqat opa.

— O‘ylab ko‘raman, deb aytdim. Ota-onam bu kasbni unchalik yoqtirishmaydi, dedim.

Sadoqat opa o‘ylanib qoldi. Saida onasining xayolga cho‘mganini boshqa tushundi.

— Agar rozi bo‘lmasangiz, ishlamayman.

— Yo‘q. Maoshi hozircha bo‘pturadi. Kotiba bo‘lsang, nima qipti?! Ilgari kotibalarga yomon ko‘z bilan qarashardi. Hozir unday emas. Yaxshi ishlasang, keyinroq o‘z ishingga o‘tkazar.

— Direktor ham shunday dedi.

— Ana, bo‘pti. Bekorchixo‘ja bo‘lib yurgandan ishga kirganing yaxshi emasmi?! Uyda o‘tirganingdan biror foyda bormi?! Birov bir tiyin beradimi?

Saida onasining gaplaridan hayratga tushdi: “Oyligi yaxshi bo‘lsa, har qanday ishni qilish mumkin ekan-da! Pul topilsa bo‘ldi. Boshqa hech narsa kerakmas oyimga!..” Aslida, Saidaning o‘zi ham uyda o‘tirishdan bezor bo‘lgandi. Faqirlik tufayli uyda tez-tez bo‘lib turadigan janjallardan ezilib ketgandi. Chunki har safar bunday tortishuvlarning ixtiyorsiz guvohi bo‘larkan, o‘zini ortiqcha yukdek, keraksiz buyumdek his qilardi. Texnikumda o‘qib yurgan vaqtida-ku, stipendiya olardi. Hech bo‘lmasa, yo‘lkirasi va tushlik puli chiqardi. Ammo endi texnikumni bitirgach, ish muammosi ko‘ndalang bo‘lardi.

Saida yaqin orada yaxshiroq kiyim olganini yoki dugonalari bilan kontsertlaru kinoteatrlarda, istirohat bog‘larida dam olganini eslolmaydi. Istagan kiyimini kiyish, xohlagan taomini yeyish, xullas, barcha erkaliklaru injiqliklari olis bolalik yillarida qolib ketgan. Saida buni yaxshi biladi va nafsini tiyishga, istak-xohishlarini chegaralashga harakat qiladi. Ammo... o‘zi tengi qizlarning ko‘chada turli-tuman kiyimlarni kiyib, ne-ne ko‘zlarni kuydirib yurishlariga havas qilar, shunday hollarda taqdirdan xafa bo‘lib ketardi. Ortiqcha janjalga sabab bo‘lmaslik uchun onasidan pul so‘ramaslikka tirishardi.

Saida shularni birma-bir xayoldan o‘tkazarkan, onasining gapiga ko‘nishga qaror qildi: “Qachongacha sarson bo‘lib ish qidiraman?! Topilguncha bir oy o‘tadimi yoki bir yil — noma’lum. Ishlamasam bo‘lmaydi. Faqirlik qursin-a, qurib ketsin!”

Sadoqat opa qizining javobini kutayotgandi. Nihoyat, unga taskin beruvchi so‘zlar yangradi:

— Bo‘pti, kotibalik bo‘lsa, kotibalik-da! Ishlayveraman...

Shu so‘zlarni aytarkan, Saidaning xayoliga G‘ayrat Salimovichning badqovoq chehrasi keldi-yu, ko‘ngli cho‘kdi...

2002 y.

Avvalgi hikoya::Keyingi hikoya

 
Hosted by uCoz