QADR

Nargizaning qalbini larzaga solgan, dunyoni ko‘zlariga tor qilib ko‘rsatgan voqea quyidagicha kechdi...

Nargiza 8-sinf o‘quvchilariga dars o‘tayotgandi. Eshikning kutilmaganda shahd bilan ochilishi berilib she’r o‘qiyotgan Nargizani o‘sha tomonga qayrilib qarashga majbur etdi. Sinfga juda olifta kiyingan baland bo‘yli ayol kirib keldi. Nargiza bu shaddod, shallaqi ayolni darrov tanidi. Garchi uning sinfga indamay-netmay kirib kelishi Nargizaga yoqmagan esa-da, ayolga noiloj mulozamat qildi.

— Assalomu alaykum, opa. Keling...

Nargizaning og‘zidagi og‘zida, bo‘g‘zidagi bo‘g‘zida qoldi. Ayol uning salomiga alik olishni ham, gapini oxirigacha tinglashni ham lozim ko‘rmay, g‘azabli ko‘zlarini chaqchaytirgancha shang‘iyllagancha dedi:

— Menga qara, sen o‘zi necha yoshdasan? Qaerni bitirgansan?

Bunday o‘rinsiz savoldan, ayolning mensimay sensirab gapirishidan Nargiza esankirab qoldi. Tutila-tutila javob berdi:

— Yigirma ikki yoshman. Pedinstitutni bitirganman...

— Bitirganing o‘sha pedinstitut ekan-u, namuncha kekkayasan?! Nimangga ishonasan?!

Nargiza kutilmagan bu bema’ni savolga nima deb javob bersin? O‘ziga tikilib o‘tirgan o‘quvchilariga ko‘zi tushib, gunoh ish qilib qo‘ygandek, qizarib ketdi u.

— Opa, bu yerda dars ketyapti. Gapingiz bo‘lsa, tashqariga chiqib gaplashaylik.

Ayolning fig‘oni falakka o‘rladi. Battar lovullay boshladi.

— Nega endi tashqarida gaplasharkanman?! Shu yerda gaplashamiz. Sen menga buyruq bermagin!

Nargiza uni insofga chaqirishga urindi:

— Men sizga buyruq berayotganim yo‘q. Berolmayman ham. Yoshingiz mendan katta. Men sizga to‘g‘rilikcha tushuntiryapman, xolos. Hatto iltimos qilyapman...

Ayol insofga kelmadi. 

— Iltimosingni pishirib yegin!

Nargiza haqoratlarga ortiq chidolmadi.

— Og‘zingizga qarab gapiring. Bu yer sizning uyingiz yoki istagan gapni gapiradigan joy emas, maktab! Xohlagan gapingizni gapirishga haqqingiz yo‘q. Buning uchun sizga hech kim huquq berib qo‘ymagan.

Ayol nihoyat maqsadga o‘tishni ma’qul ko‘rdi.

— Siz qizimga xo‘jayinlik qilmang, — dedi birdan sizlashga o‘tib.  Qizim formani emas, nimaniki xohlasa, o‘shani kiyadi.

— Qizingizning hech kimdan ortiq joyi yo‘q. Qonun-qoida hamma uchun barobar. Hamma o‘quvchilar kiyadi, — dedi Nargiza o‘zini birmuncha bosib olib. — Nega sizning qizingiz kiymasligi kerak?!

— Mening qizim hamma emas, — “bo‘sh kelish”ni xayoliga keltirmasdi ayol. — Hamma kiysa-kiyaversin, lekin mening qizim kiymaydi. Men unga chet eldan qancha-qancha kiyim opkelib bersam-u, qayoqdagi maktab formasini kiyarkanmi u?! Bo‘lmagan gap!

Nargiza ayolning ahmoqligidan ranjidi.

— Opkelgan kiyimlaringizni kiymasin, deyotganim yo‘q. Kiyaversin, faqat maktabga emas.

— Nega endi?! Maktabda boshqa qaerga kiyadi?! O‘rtoqlariga ko‘rsatgisi keladi qizimning. Aynan maktabga kiyishi kerak.

— Nega tushunmaysiz?! — Nargiza bo‘g‘ilib ketdi. — Maktabning o‘z qonun-qoidalari bor. Bu qoidaga hamma birdek amal qilishi zarur. Sizning qizingiz ham bundan mustasno emas.

Ayol uning gaplariga e’tibor bermadi. Boshdan-oyoq Nargizaga razm solib chiqdi-da, burnini jiyirdi.

— O‘quvchilar formadan boshqa kiyim kiymasligi uchun jon kuydirishlaringizning sababini endi tushundim. Arzimagan oylikka tuzukroq kiyim olib bo‘larmidi?! Ololmaysizlar. Shuning uchun o‘quvchilaringiz sizlardan yaxshiroq kiyinib yurishidan qo‘rqasizlar. O‘zingizning ham bunday kiyimlarga qurbingiz yetmasa kerak. Ehtimol, qizimga hasad ham qilayotgandirsiz...

— Bas qiling! — Nargiza baqirib yubordi. — Nimalar deb valdirayapsiz?! Og‘zingizga kelgan gapni qaytarmay gapiraverasizmi?!

Shu dam qo‘ng‘iroq chalinib qoldi. Indamay o‘tirgan bolalardan hanuz sado chiqmasdi. Ular uchun “tomosha”ning davomi qiziq edi. Nargizaning ularga qaragisi kelmadi. Nima degan odam bo‘ldi endi?

O‘quvchilar keyingi darsga kechga qolishlari mumkinligini o‘ylab zo‘rg‘a chiqib ketishdi.

Nargiza ayolga tik boqqancha — uning ko‘zlarida nafrat, alam, g‘azab qorishib ketgandi — sekin, ammo tahdidli ohangda dedi:

— Tezroq bu yerdan chiqib keting!

Ayol yana bir nima demoqchi edi, Nargiza o‘shqirib berdi:

— Jo‘nang deyapman sizga!..

Ayol shang‘illagancha sinfdan chiqib ketdi. Nargizaning obro‘sini, qadr-qimmatini yer bilan bitta qilib, qalbini yaralab chiqib ketdi.

Nargiza ortiq dars o‘tolmadi. Direktorning yoniga tushdi. Direktor zahargina ayol edi, negadir bu gaplarni e’tiborsizgina tingladi. So‘ng bir talay nasihatlar qilib, “hali bunday ko‘ngilsizliklarning ko‘pini ko‘rishga to‘g‘ri kelishini, arzimagan narsaga siqilish kerakmasligini, uning ham qo‘lidan hech narsa kelmasligini” aytib, Nargizani xonasidan chiqarib yubordi.

Nargiza xonadan chiqib ketarkan, ko‘nglidan bir olam alamli savollar o‘tdi: “Haqorat xaltasini indamay ko‘tarib ketaveramanmi?! Butun sinf oldida obro‘yim bir pul bo‘ldi. Shuncha gapdan keyin o‘quvchilarim meni hurmat qilisharmidi? Endi bu yerda ishlay olamanmi? Qanday chora bor? Nima qilay? Kasbimdan voz kechaymi yo qadr-qimmatimdan?”

Nodon bir xotinning ahmoqligi tufayli e’tiqodi, qalbi, qadri toptalgan Nargiza tun bo‘yi uxlolmay chiqdi. Tongga yaqin uzil-kesil bir qarorga keldi. U obro‘si to‘kilgan joyda ortiq ishlolmasligini tushundi...

2002 y.

Avvalgi hikoya::Keyingi hikoya

 
Hosted by uCoz