SOG‘INCH
MAKTUBI
Tong
otadi...
Kun
botadi...
Kunlar o‘taveradi. Lahzalar kunga, kunlar yilga, yillar asrga mengzaydi.
Kunning quyoshi, tunning oyi, yulduzi bor. Hayotning nuri, yog‘dusi bor.
Ammo nimadir yo‘qday, osmonni bulut qoplaganday... Hamma yoq zimistonga
o‘xshaydi. Yo‘lini topolmayotgan musofir singari so‘ngsiz
so‘qmoqlardan yurib ketaverasan, ketaverasan... Biroq o‘sha... sen
izlagan nurli manzillar chiqmaydi. Go‘yo umuman yo‘qday (ehtimol, chindan
ham yo‘qdir!), bo‘lmaganday...
Mening-ku, manzilim aniq: muhabbat bo‘stoni! Mening qalbim faqatgina
muhabbat bo‘stonida gullashi mumkin... edi... O‘sha nurli maskan —
muhabbat bo‘stonidan men o‘zim, o‘z ixtiyorim bilan chiqib ketganman.
Ha, ketganman!.. Endi qaymoqni — istamayman. U manzillar yuragimni
gullatdi-yu, sovuq epkinlar quritib qo‘yay dedi. Men esa, qurigan yurak
bilan yasholmasdim... Buni o‘zingiz ham bilasiz, axir... Hammasini bilasiz.
Faqat bir narsani — nega jonu jahonim deb bilgan, gard yuqtirmay asragan,
borini bag‘ishlashga tayyor bo‘lgan sizdek aziz qadrdonidan voz
kechganini bilmaysiz. Bilmaysiz yoxud bilmaslikni istaysiz...
Sizni qattiq sevardim... Sevmasam, izingizdan zor-zor termularmidim,
yo‘lingizga ko‘z tikarmidim?! Sevmasam, siz bilan bog‘larda sayr
etarmidim? Ha, men sizni sevardim (balki hozir ham sevarman!..). O‘zimni
unutish darajasida sevardim sizni!.. Ammo qalbimda pinhon asrashni niyat
qilgan his-tuyg‘ularim to‘g‘risida gapirishni hech yoqtirmasdim... Bu
men uchun juda qiyin edi... Qiyin...
Bilaman, siz ham meni sevardingiz... Sevardingiz, biroq sevgingiz meniki
qadar samimiy va otashin emasdi. Negaki, siz his-tuyg‘ularingizdan
iymanardingiz... “Odamlar nima deydi?” degan andishada yurardingiz
hamisha. Esingizdami bir voqea?..
Ikkimiz bog‘da sayr qilib yurardik. U yoq-bu yoqdan gaplashib.
Qalbimizda shodlik, vujudimizni hayajon larzaga soladi. Men sizga termulaman,
siz esa, menga... Dilimizda bir dunyo so‘zlarimiz bor-u, nechundir
aytolmaymiz. Aytishga botinolmaymiz. Siz negadir hadeb jilmayasiz. Men ham
jiddiy bo‘lishga har qancha urinsam-da, eplolmayman. Go‘yo butun dunyo
bizlarga atalgan. Quyoshning nuri, zangori osmon, oppoq bulutlar, bog‘dagi
ko‘m-ko‘k maysalar, gullar, favvoralar — hamma-hamma narsa bizniki edi.
Hech kimga va hech nimaga e’tibor bermasdik, fikru zikrimizni visol
chulg‘ab olgandi. Shunda... kutilmaganda... To‘g‘rimizdan kelayotgan
tarix domlasini ko‘rib sarosimaga tushib qoldingiz (balki vahimagadir!) Men
xotirjam edim. Nima bo‘pti? Biz jinoyat qilmayotgandik-ku!.. Domla bilan
so‘rashish maqsadida qadamimni tezlashtirmoqqa chog‘landim. Lekin siz
qo‘limdan tutib, chetga chiqishga imo qildingiz. Va... “Tezroq ketaylik”,
dedingiz. Menga bu gapingiz og‘ir botdi. Ko‘zlaringizga tikilib qoldim.
Siz esa, mening holimdan bexabar, vahimada edingiz. Garchi o‘zim istamasam
ham, boshqa yo‘lga — chetroqqa o‘tib oldim. Siz ham. Ammo endi mening
kayfiyatim rasvo bo‘lgan, so‘zlaringizni tinglagim, yuzingizni ko‘rgim
kelmasdi. Go‘yo qalbimda nedir, bir evrilish sodir bo‘lgan, ammo uning
sababini o‘zim ham tushunmasdim.
Siz fe’lim birdan aynib qolganini ko‘rib hayron bo‘ldingiz.
Mehribonlik bilan so‘radingiz:
—
Tinchlikmi?! Nega xafasiz?
—
Shunchaki... domla bizni ko‘rib qolmagan bo‘lsin-da, — dedim
ko‘zingizga sinovchan tikilib.
—
Ha, — dedingiz siz mening nigohlarimga parvo qilmay. — Ko‘rgan
bo‘lsa, yomon. Butun institutga gap tarqalishi mumkin...
— Shunaqa deng? — battar o‘ksidim
men...
Mening ahvolimni siz o‘zingizcha
tushundingiz.
—
Mayli, xafa bo‘lmang, — dedingiz ikkilanibroq. Nazarimda, hamon
vahimada edingiz. — Ko‘rmadi domla. Biz tomonga qaramayotgandi-ku!..
Men ortiq qololmasdim. Mazam qochganini bahona qilib, uyga jo‘nadim.
Siz “kuzatib qo‘yaman” deb ortimdan kelayotganingizda, chidolmay
baqirib berdim: “Meni tinch qo‘ying!” Siz hayratga tushdingiz, ammo
hech nima demadingiz. Men esa, uzr so‘rashingizni, yolborishingizni
istagandim o‘sha vaqt...
Ming
afsus!.. Afsus!.. O‘sha voqea (kimlarningdir nazdida arzimas voqea!)
sabab bo‘ldimi yoki boshqa narsami, ko‘nglimda g‘alati o‘zgarish
payqay boshladim. Men endi sizni qo‘rqoqlikda ayblardim, ojiz deb bilardim
sizni. Bir vaqtlar cheksiz-chegarasiz tuyilgan muhabbatingiz endi unchalik
ahamiyatga ega emasday, qalbingiz menga begonaday tuyila boshladi. O‘sha...
domla bizni ko‘rib qolishidan, o‘rtamizdagi sirdan birov voqif
bo‘lishidan qo‘rqqaningizdan buyon yuragimda bir nima, aniqrog‘i, sizga
bo‘lgan ehtiromim yo‘qolganday edi. Yo‘q, butkul emas. Qisman... Ammo
ana shu ham men uchun, mening yuragim uchun ulkan yo‘qotish edi. Judayam
ulkan!..
Oh, nega siz meni sevishingizdan iymanardingiz?.. Nega odamlarning
gap-so‘zidan cho‘chirdingiz?.. Nega axir?.. Men munosabatlarimiz samimiy
bo‘lishini, yuraklarimizdagi his-tuyg‘ularga yolg‘on-yashiq
aralashishini istamasdim. Muhabbatimiz sirli, ayni paytda ochiq bo‘lishini
xohlardim juda. Biroq siz... Sizning o‘sha birgina harakatingiz barini
yo‘qqa chiqardi.
Ehtimol, sizdan kechganim mening xatoim, baxtsizligimdir... Balki siz
o‘shanda o‘zingizni yo‘qotib qo‘yib, nima qilishni bilolmay
qolgandirsiz... Balki meni malomatlardan saqlashga uringandirsiz. Ehtimol,
sizga ortiq jafo qilgandirman... Eng katta gunoh o‘zimdadir... Axir, nima
bo‘lganda ham, biz bir-birimizni sevardik-ku! Bu ham bir baxt edi-ku! Men
o‘z baxtimni o‘z ixtiyorim bilan boy berdim. O‘zim aybdorman!..
Kun
botadi...
Tong
otadi...
Kunlar o‘taveradi. Lahzalar kunga, kunlar yilga, yillar asrga mengzaydi.
Shu uzun hayotimning oxiri ko‘rinmayotgandek. Sog‘inch qalbim torlarini
chertib, mahzun navo taratadi. Sog‘inch... Siz mendan olisdasiz, men sizdan.
Nahotki, sizni sog‘inishim mumkin? Nahotki?.. Meni kechiring... Sizdan voz
kechsam-da, qo‘msayotganim uchun. Kechiring... Bu sog‘inch tuyg‘usi
og‘ir...
2003 y.
Avvalgi hikoya::Keyingi hikoya